Tortinchi tashabbus

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 mart kuni yoshlarga e‘tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san‘at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularga axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini singdirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish,

 xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Mamlakatimiz aholisining 30 foizini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil etadi. Ularning ta‘lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun keng sharoit yaratilgan. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi. Yoshlar qanchalik ma‘naviy barkamol bo‘lsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shunchalik kuchli bo‘ladi.

 Ma‘lumki, davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma‘naviy-ma‘rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.
      Birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san‘atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste‘dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
        Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.
        Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar o‘rtasida kompьyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
        To‘rtinchi tashabbus – yoshlar ma‘naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
        Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan ta‘minlash masalalarini nazarda tutadi.

 To‘rtinchi tashabbus bo‘yicha yoshlarda bolalik chog‘idan kitobga mehr uyg‘otish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish ularning hayot yo‘llarida mustahkam zamin bo‘ladi.
        Lekin ko‘plab qishloq va mahallalarda buning uchun zarur sharoit mavjud emas. Ilgarigi kutubxonalar o‘rnida tashkil etilgan “Axborot-resurs markazlari” o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajara olmadi.
          Shu holatlarni hisobga olib, yangi tashabbus doirasida yoshlar sonidan kelib chiqqan holda joylarga qo‘shimcha kitoblar yetkazib berish rejalashtirilgan.
        Davlatimiz rahbari mutasaddi vazirlik va uyushmalarga “Kitob karvoni” loyihasi doirasida badiiy, ma‘rifiy, ijtimoiy mavzularda kitoblar chop etish hamda    Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarga 1 million nusxadan kam bo‘lmagan miqdorda yetkazib berish bo‘yicha topshiriq berdi.
        Yig‘ilishda mahalliy hokimliklar har bir shahar va tuman markazida bittadan namunali kitob do‘koni tashkil etishi kerakligi ta‘kidlandi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga barcha shahar va tumanlarda ko‘chma kitob pavilьonlarini joylashtirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda     “Bibliobus”larni yo‘lga qo‘yish orqali qishloq va ovullar aholisiga kutubxona xizmati ko‘rsatish vazifasi qo‘yildi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *